Qon va o‘pka saratonining kutilmagan belgilari aniqlandi
Teri qichishishi, yelka og‘rigi va og‘iz qurishi kabi belgilar diabet, teri yoki o‘pka saratoni kabi jiddiy kasalliklarning dastlabki alomatlari bo‘lishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Milliy sog‘liqni saqlash xizmati shifokori Din Eggitt va Lyublyana universiteti dermatologi Aleksandr Godich Daily Mail nashriga aytib o‘tgan.
Eggittning so‘zlariga ko‘ra, yelka og‘rishi jigar yetishmovchiligi, o‘pka saratoni yoki o‘t pufagi muammolaridan darak berishi mumkin.
-
O‘ng yelkadagi og‘riqlar ko‘pincha o‘t pufagi bilan bog‘liq bo‘ladi,
-
chap yelkadagi og‘riqlar esa yurak kasalliklariga ishora qiladi.
Shuningdek, u tunda ko‘p terlash va keskin vazn yo‘qotish saraton, limfoma yoki sil kasalligining belgisi bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Dermatolog Godich esa aniq sababsiz terining kuchli qichishishi buyrak yetishmovchiligi yoki qon saratonining ayrim turlarida kuzatilishini ta’kidladi. Bunda organizm toksinlarni chiqarib tashlay olmaydi va ular teri ostida to‘planadi, natijada qichishish yuz beradi.
Doimiy og‘iz qurishi esa diabet yoki avtoimmun kasalliklar belgisi bo‘lishi mumkin. Hatto bu tashxislar tasdiqlanmasa ham, so‘lak ajralishining kamayishi sog‘liq uchun xavfli, chunki so‘lak nafaqat tish va milklarni himoya qiladi, balki boshqa organlarga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, og‘izdagi bakteriyalar tanaga kirib, revmatoyid artrit, Altsgeymer kasalligi, insult, yurak-qon tomir kasalliklari va ichak saratoni xavfini oshiradi.
