Yurak infarktisidan keyin tiklanishni tezlashtirish usuli topildi

Oct 30, 2025 - 16:45
Yurak infarktisidan keyin tiklanishni tezlashtirish usuli topildi

CR: Circ-CDR1as molekulasi yurak hujayralarini tiklaydi

AQShdagi Temple universiteti tibbiyot maktabi olimlari yurak infarktisidan keyin yurakning tiklanishiga yordam beradigan ilgari noma’lum bo‘lgan mexanizmni aniqlashdi. Circulation Research (CR) jurnalida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayonda muhim rolni Circ-CDR1as nomli halqasimon RNK molekulasi o‘ynaydi.

Halqasimon RNK nima?

Halqasimon RNK — uchlari bir-biriga ulanib, halqa shaklini hosil qilgan molekuladir. So‘nggi yillarda bunday molekulalar biomarkyer sifatida turli kasalliklarni aniqlashda ishlatilmoqda.
Tajribalar davomida olimlar Circ-CDR1as molekulasi immun hujayralarni “tiklanish holatiga” o‘tkazishini va yallig‘lanishni kamaytirishini aniqlashdi.

Makrofaglarning o‘rni

Olimlarning aytishicha, yurak to‘qimalarining tiklanishida asosiy rolni makrofaglar deb ataluvchi hujayralar bajaradi.
Ular avval zararli bakteriyalarni va o‘lgan hujayralarni yo‘q qiladi, so‘ngra shifo jarayonini boshlaydi. Ammo infarktdan keyin Circ-CDR1as darajasi keskin tushadi, bu esa makrofaglarning ishini buzadi va tiklanish sekinlashadi.

Tajriba natijalari

Olimlar bu molekulaning miqdorini normal holatga keltirganda, yurak to‘qimalari tezroq tiklandi va zararlangan joy kamaydi.

Kelajak istiqbollari

Tadqiqot mualliflari bu kashfiyot yurakning tabiiy tiklanish mexanizmini faollashtiruvchi yangi dori vositalarini yaratish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytishdi. Ammo bunday dorilarni ishlab chiqishdan oldin odamlar ustida qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish kerak.