Xitoy “sun’iy quyosh” loyihasini 2027-yilgacha yakunlamoqchi
Xitoy 2027-yilgacha BEST nomli tajriba termoyadro reaktorini — “sun’iy quyosh”ni — qurib bitkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin ijtimoiy tarmoq X’da ma’lum qildi.
“Yonuvchi plazmali o‘ta o‘tkazuvchan tokamak qurilishi 2027-yilda yakunlanishi rejalashtirilgan”, — dedi Mao Nin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Fanlar akademiyasining Plazma fizikasi instituti tomonidan ishlab chiqilgan bu qurilma dunyoda birinchi bo‘lib elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir bo‘lishi mumkin. Reaktor Anhui viloyatining Xefey shahrida qurilmoqda.
Qurilmaning og‘irligi 400 tonnadan oshadi. U ulkan termos printsipida ishlaydi — o‘ta o‘tkazuvchan magnitlar -269°C gacha sovutilib, deuteriy va tritiy plazmasini ushlab turadi.
BEST Xitoyning “sun’iy quyosh” deb atalgan birinchi loyihasi emas. Avvalroq EAST tokamaki shunday nom bilan tanilgan bo‘lib, u 2025-yil boshida plazmani 1066 soniya davomida ushlab turish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan edi.
Bloomberg agentligining may oyidagi xabariga ko‘ra, Xitoy “sun’iy quyosh”ni faqat XXI asrning o‘rtalarida ishga tushira oladi.
