Shifokor o‘pka saratoni xavfi yuqori bo‘lgan uchta odam guruhini aytdi

Oct 29, 2025 - 09:03
Shifokor o‘pka saratoni xavfi yuqori bo‘lgan uchta odam guruhini aytdi
Depositphotos

Onkolog Nefyodov: chekadigan ayollarda o‘pka saratoni xavfi erkaklarga qaraganda deyarli ikki baravar yuqori. Ayollar kanserogenlarga nisbatan sezuvchanroq — tamaki tutuni ta’sirida ularning DNKsi sustroq tiklanadi. Shuningdek, surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi (SO‘OK) va interstitsial o‘pka kasalliklari (IO‘K) ham xavfni oshiradi. Bu haqda “Gazeta.Ru”ga Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Sankt-Peterburg Ftiziopulmonologiya ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi, oliy toifali onkolog va torakal xirurg Andrey Nefyodov ma’lum qildi.

“Zang va Wynder (1996) tomonidan o‘tkazilgan katta tadqiqot — Journal of the National Cancer Institute jurnalida chop etilgan — ayollarda tamaki tutuniga teng darajada ta’sir bo‘lishiga qaramay, o‘pka saratoni xavfi 1,2–1,7 baravar yuqori ekanini ko‘rsatgan”, dedi shifokor.

Onkologning so‘zlariga ko‘ra, bu ayollarda tamaki kanserogenlari ta’sirida ko‘proq DNK-adduktlar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq — ular DNKning tuzilishini buzadi. Bundan tashqari, ayollarda DNK tiklanishi sustroq kechadi, bu esa “buzilishlar” yig‘ilishiga olib keladi.

Shifokor qo‘shimcha qildi: surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi bo‘lgan bemorlarda o‘pka saratoni xavfi bu kasalligi yo‘q odamlarga qaraganda deyarli to‘rt baravar yuqori. SO‘OK nafas yo‘llarining torayishiga va o‘pka to‘qimalarining o‘zgarishiga olib keladi, natijada nafas olish qiyinlashadi.

Shuningdek, interstitsial o‘pka kasalliklari (IO‘K) bilan og‘riganlar ham xavf guruhiga kiradi. IO‘K paytida o‘pka ichidagi ingichka tayanch to‘qima — interstitsiy — zararlanadi. Odatda u o‘pkaning kengayishiga yordam beradi, biroq IO‘Kda u qalinlashadi, yallig‘lanadi yoki chandiqlanadi, bu esa havoning erkin o‘tishiga va qonga kislorod kirishiga to‘sqinlik qiladi.

“Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, IO‘K bilan og‘riganlarda o‘pka saratoni rivojlanish xavfi aholiga nisbatan 3,5–7,5 baravar yuqori. Shuningdek, ilgari o‘tkazilgan sil kasalligi ham xavfni ikki baravar oshiradi”, — dedi mutaxassis.