SpaceX Starship V2 — So‘nggi parvozi ta’sirli lahzalari namoyish etildi

Oct 20, 2025 - 12:05
SpaceX Starship V2 — So‘nggi parvozi ta’sirli lahzalari namoyish etildi

Dunyoning yetakchi kosmik kompaniyalaridan biri bo‘lgan SpaceX 14-oktyabr kuni o‘zining mashhur raketasi — Starship V2ning so‘nggi va eng ta’sirli sinov parvozini amalga oshirdi. Kompaniya parvozning barcha muhim lahzalarini aks ettiruvchi yangi videolar va suratlarni e’lon qilib, yana bir bor jamoatchilik e’tiborini tortdi.

SpaceX tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi X platformasida bo‘lishilgan tasvirlarda raketaning uchishi, bosqichlarning yuqori haroratda ajralishi va Yer atmosferasiga qayta kirishi kabi momentlar ko‘rsatilgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, parvoz davomida to‘plangan ma’lumotlar kelajakda Starship raketalarining qayta ishlatilishini yaxshilash uchun qo‘llaniladi.

“Starship Yer atmosferasiga qaytmoqda. Ushbu parvozda olingan ma’lumotlar kelajakdagi missiyalarda raketaning uchish joyida ushlab qolinishiga va qayta ishlatilishiga imkon beradi,” — dedi SpaceX rasmiy bayonotida.

Starship V2 parvozining muvaffaqiyatli o‘tishi kompaniyaning yangi maqsadlariga yo‘l ochmoqda. Xabarlarga ko‘ra, hozirda uchinchi avlod Starship — V3 raketasi va yangi kuchaytiruvchi modullar tayyorlanmoqda. Ba’zi manbalarga ko‘ra, uning birinchi uchishi yil oxirigacha bo‘lishi mumkin.

Agar yangi sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, 2026-yil oxirida Starship V3 Marsga parvoz qilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning bortida Tesla tomonidan ishlab chiqilgan inson ko‘rinishidagi robot — Optimus bo‘lishi mumkin.

SpaceXning Starship loyihasi hozirgi kunda dunyodagi eng yirik va ilg‘or kosmik dasturlardan biri hisoblanib, Elon Maskning Marsda hayot barpo etish bo‘yicha ilk qadami sifatida qaralmoqda.