Olimlar yurakni tiklashga yordam beradigan genni topdilar
npj Regenerative Medicine (RM): CCNA2 geni yurak infarktlaridan soʻng tiklanishni qoʻllab-quvvatlaydi
Odatda tug‘ilgandan keyin faol bo‘lmaydigan siklin A2 (CCNA2) geni yurak hujayralarining yana boʻlinishini boshlatib, yurak xuruji va yurak yetishmovchiligidan soʻng zararlangan toʻqimalarni tiklashga yordam beradi. Bunday xulosaga Maunt-Sinay kasalxonasining olimlari keldilar. Tadqiqot natijalari npj Regenerative Medicine jurnalida chop etildi.
Tajriba davomida olimlar xavfsiz virusli vektor orqali CCNA2 genini faollashtirish o‘rta yoshli odamlarda yurak mushak hujayralarining boʻlinishini rag‘batlantirishini aniqladilar. Bu — ilgari qayta tiklanmaydi deb hisoblangan yurak hujayralarining yangi funksional to‘qimalarni hosil qila olishini isbotlovchi ilk dalildir.
Tadqiqotda 21, 41 va 55 yoshli donorlarning yurak hujayralari ishlatildi. Siklin A2 terapiyasi keksaroq donorlarning hujayra boʻlinishini faollashtirdi, ammo 21 yoshli yosh donorning yuragiga ta’sir qilmadi — bu yosh yuraklarning tabiiy tiklanish salohiyati haqidagi avvalgi ma’lumotlarga mos keladi.
Bungacha doktor Hess Chaudhry boshchiligidagi jamoa CCNA2 genini qayta faollashtirish orqali yurak infarktidan soʻng yirik sutemizuvchilarning (masalan, choʻchqaning) yuragini tiklash mumkinligini koʻrsatgan edi. Yangi tadqiqot bu mexanizmni inson hujayralarida ham xavfsiz qoʻllash mumkinligini tasdiqladi.
Olimlarning soʻzlariga koʻra, CCNA2 geni oʻsish genlarini faollashtiradi, yurak hujayralarining “vaqtni orqaga burib”, boʻlinishga imkon yaratadi — shu bilan birga hujayralar yetuklikni yoʻqotmaydi va toʻqima qalinlashishiga sabab boʻlmaydi. Bu yondashuv simptomlarni davolashdan haqiqiy yurak mushaklarini tiklash bosqichiga oʻtish yoʻlini ochadi.
