Turkmaniston Markaziy Banki yangi 200 manatlik kupyurani muomalaga chiqardi

Dec 1, 2025 - 08:26
Turkmaniston Markaziy Banki yangi 200 manatlik kupyurani muomalaga chiqardi

Turkmaniston Markaziy banki 1-dekabrdan boshlab 200 manatlik yangi polimer banknotani, shuningdek 1, 5 va 10 manatlik modernizatsiya qilingan kupyuralarni muomalaga kiritdi. Bu haqda “Watan” axborot dasturi mamlakat bosh bankining press-reliziga tayangan holda xabar berdi.

Yangi kupyuralarning muomalaga kiritilishi Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomiga ega bo‘lganining 30 yilligiga bag‘ishlangan. Markaziy bankning ma’lumotiga ko‘ra, yangi kupyuralarning asosiy afzalliklari qalbakilashtirilish ehtimolining pastligi, shuningdek ifloslanish, eskirish va shikastlanish kabi tashqi ta’sirlarga yuqori chidamliligidir. Banknotalarning himoya elementlari kuchaytirildi va ularning haqiqiyligini aniqlovchi vizual belgilari takomillashtirildi.

Yangilangan 1, 5 va 10 manatlik kupyuralarning rangi va dizayni asosan saqlab qolingan. Ularda Xalqaro Tinchlik va Ishonch Yili ramzi tasvirlangan.

Yangi 200 manatlik kupyuraning old tomonida “Arkadag” monumenti, orqa tomonida esa Arkadag shahri häkimligining ma’muriy binosi aks ettirilgan. Barcha yangi kupyuralarda chiqarilgan yili va Turkmaniston Markaziy banki boshqaruvi raisining faksmile imzosi ko‘rsatilgan.

Yangi kupyuralar Turkmaniston hududida barcha korxona, tashkilot va muassasalarda mulk shaklidan va faoliyat sohasidan qat’i nazar, barcha turdagi to‘lovlar uchun nominal qiymatida qabul qilinishi shart. Shu bilan birga 2009, 2012, 2014, 2017 va 2020 yillarda chiqarilgan banknotalar ham mamlakat hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qoladi.