Turkmanistonda oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etildi

Dec 18, 2025 - 18:11
Turkmanistonda oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etildi

Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vazirligi sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini utilizatsiya qilish va xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini yo‘q qilish tartibini tasdiqladi. Tegishli 506-sonli buyruq 2025-yil 1-noyabrda qabul qilinib, 8-dekabr kuni Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Mazkur hujjat “Salomatlik” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, xavfsizlik va sifat talablariga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishlashning yagona qoidalarini belgilaydi.

Yangi tartibga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari Davlat sanitariya va kasalliklar tarqalishiga qarshi kurash xizmati tomonidan o‘tkaziladigan ekspertiza natijalariga asosan sifatsiz yoki xavfli deb topilishi mumkin. Ekspertiza hujjatlarni tekshirish, organoleptik baholash hamda laboratoriya sinovlarini o‘z ichiga oladi.

Sifatsiz, ammo oziq-ovqat yoki texnik maqsadlarda keyinchalik foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlar utilizatsiyaga (qayta ishlashga) yo‘naltiriladi. Har qanday foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan mahsulotlar esa yo‘q qilinadi. Jarayon maxsus komissiya ishtirokida va dalolatnoma tuzilgan holda amalga oshiriladi.

Hujjat ayrim hollarda ekspertiza o‘tkazmasdan mahsulotlarni yo‘q qilish imkoniyatini ham nazarda tutadi. Bunday holatlarga mahsulotning yaqqol buzilganligi, zarur hujjatlarning yo‘qligi, yaroqlilik muddati o‘tib ketganligi yoki taqiqlangan oziq-ovqat qo‘shimchalarining mavjudligi kiradi.

Utilizatsiya yoki yo‘q qilishgacha olib qo‘yilgan mahsulotlarni saqlash uchun mas’uliyat mahsulot egasiga yuklatiladi. Utilizatsiya yoki yo‘q qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar ham mahsulot egasi tomonidan qoplanadi.

Yangi tartib talablari Turkmaniston hududida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va muomalaga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi barcha jismoniy va yuridik shaxslar uchun majburiydir. Mahsulot egalari nazorat qiluvchi organlar qarorlaridan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqini saqlab qoladilar.