Olim “ongni uyg‘otish” yo‘lini tushuntirdi

Nov 5, 2025 - 09:09
Olim “ongni uyg‘otish” yo‘lini tushuntirdi
Shutterstock

Ba’zi odamlar atrofdagi hamma narsa g‘ayrioddiy darajada yorqin, tirik va mazmunli tuyuladigan, o‘zini dunyodan ajratib turuvchi chegaralar yo‘qoladigan lahzalarni boshdan kechirganini aytishadi. Psixologlar bu holatni ongning uyg‘onish tajribasi deb atashadi — bu qisqa muddatli, kengaygan idrok holati bo‘lib, insonning hayotga qarashini o‘zgartirishi mumkin. Britaniyalik psixolog Stiv Teylor bu holatlarni 15 yildan ortiq vaqt o‘rganib, ularning uchta asosiy “tetiklovchisi” borligini aniqlagan. Tadqiqot The Conversation jurnalida chop etilgan.

Birinchi sabab — psixologik inqiroz: stress, depressiya yoki yo‘qotish. Tadqiqot ishtirokchilarining uchdan biri og‘ir ruhiy holat chog‘ida to‘satdan ichki tinchlik va dunyo bilan birligu tuyg‘usini his qilganini aytgan.

Ikkinchi sabab — tabiat bilan aloqada bo‘lish. So‘rovda qatnashganlarning qariyb choragi go‘zal manzaralarni tomosha qilganda, suzishda yoki tog‘da sayr paytida chuqur his-tuyg‘ularni boshdan kechirgan. “Men hamma narsaning bir bo‘lagidek edim, tabiat bilan to‘liq uyg‘unlikda edim”, — degan bir ishtirokchi.

Uchinchi omil — ruhiy amaliyotlar, masalan, meditatsiya, ibodat yoki yoga. Bunday mashg‘ulotlar ichki sokinlikni oshiradi, e’tiborni charxlaydi va idrokni ravshanlashtiradi.

Teylorning aytishicha, bunday lahzalarda odatiy “avtomatik” idrok sustlashadi — odatdagi filtrlash yo‘qolib, inson dunyoni go‘yo yangidan ko‘ra boshlaydi. Ba’zida bu tinchlikdan emas, balki kuchli hissiy zarbadan kelib chiqadi — idrokning odatiy tuzilmasi vaqtincha buzilib, inson egodan chiqib ketadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ongning uyg‘onishi uzoq muddatli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin — o‘ziga ishonch, optimizm va hayot bilan bog‘liqlik tuyg‘usi ortadi.

“Bu holat atigi bir necha daqiqa davom etgan bo‘lsa ham, u inson hayotidagi eng muhim voqea bo‘lib qoladi,” — deydi olim.

Bunday holatni xohish bilan yuzaga keltirib bo‘lmaydi, lekin ularning ehtimolini oshirish mumkin — masalan, meditatsiya yoki tabiat qo‘ynida onglilik bilan dam olish orqali ichki osoyishtalikni rivojlantirib.