Jismoniy mashqlar orqali diabetdan tabiiy himoya
Shvetsiyaning Karolinska instituti olimlari jismoniy mashqlar oshqozon osti bezining insulin ishlab chiqaruvchi β-hujayralarini himoya qilishini aniqladilar. Bu ta’sir “ekzosoma” deb ataladigan mayda pufakchalar — hujayradan tashqari vezikulalar orqali amalga oshadi. Tadqiqot natijalari Karolinska Institutet saytida e’lon qilindi.
Ekzosomalar — bu hujayralar tomonidan tashqi muhitga chiqariladigan juda kichik pufakchalar bo‘lib, ular qon plazmasida, siydikda, so‘lakda va ona sutida uchraydi. Ularning asosiy vazifasi hujayralar orasida axborot uzatishdir.
Tadqiqotda sog‘lom ko‘ngillilar ishtirok etib, doimiy aerob mashqlar va yuqori intensivlikdagi interval mashqlarni bajarishdi. Ma’lum bo‘lishicha, har ikki turdagi mashq “ekzosomal tarmoqni” — butun organizmga ta’sir qiluvchi signal tizimini faollashtiradi.
Bu vezikulalarning asosiy tarkibiy qismi mikroRNK-124 bo‘lib chiqdi. U hujayralarga endoplazmatik retikulumdagi stressga bardosh berishga yordam beradi va β-hujayralarni zarardan himoya qiladi.
Olimlar fikricha, mikroRNK-124 jismoniy faollikni diabetdagi hujayra himoyasi bilan bog‘laydi. Kelajakda mikroRNK-124 ning sun’iy analoglari yoki o‘zgartirilgan ekzosomalar ishlab chiqilishi mumkin, ular jismoniy mashqlar ta’sirini taqlid qilib, sport bilan shug‘ullana olmaydigan bemorlarga yordam beradi.
