Yerda tushuntirib boʻlmaydigan magnit bo‘roni qayd etildi — Rossiyalik olimlar hayratda
10-sentabrga o‘tar kechasi, Yerda kutilmagan va tushuntirib bo‘lmaydigan magnit bo‘roni sodir bo‘ldi. Bu hodisa hech bir rasmiy prognozda mavjud emas edi.

Bu haqda Rossiya Fanlar Akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti qoshidagi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi Telegram-kanalida xabar berdi.
"To‘liq tushunarsiz va kutilmagan magnit bo‘roni qayd etildi. Barcha prognozlar ‘yashil’ rangda edi, ya’ni hech qanday faollik kutilmagan edi", — deyiladi olimlar bayonotida.
Nima sodir bo‘ldi?
Odatda, magnit bo‘ronlari Quyosh shamolining kuchli oqimlari tufayli yuzaga keladi. Ammo bu safar Quyosh faolligida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmagan. Barcha ko‘rsatkichlar me’yorda edi.
"Hayratlanarli jihati — bu hodisa emas, balki hatto orqaga qarab tahlil qilinganda ham nima sabab bo‘lganini aniqlab bo‘lmaydi", — deb ta’kidlaydi mutaxassislar.
Ehtimoliy sabab – “subbo‘ron”
Olimlarga ko‘ra, bu holatni tushuntiradigan yagona ilmiy taxmin — bu odatdagidan katta subbo‘ron bo‘lishi mumkin. Ya’ni Yer magnitosferasining ichida tashqi ta’sirlarsiz energiyaning to‘satdan chiqarilishi.
2025-yildagi birinchi yirik holat
Bu yilning boshidan buyon bunday yirik magnit hodisasi birinchi marta qayd etilmoqda. Mutaxassislar so‘nggi vaqtlardagi yuqori Quyosh faolligi tufayli boshqa shunga o‘xshash hodisalar ham ko‘zdan qochgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.
Bo‘ronning yaqin 3–6 soat ichida tugashi kutilmoqda.