Yurak salomatligi uchun foydali kuzgi meva nomi aytildi
Doktor Belousov: Xurmada yurakka foydali moddalar mavjud
Xurmo — me'yorida iste’mol qilinganda organizmga katta foyda keltiradigan qimmatli dietik mahsulotdir. Uning antioksidant va vitaminlarga boy tarkibi vitamin yetishmovchiligining oldini olish va umumiy salomatlikni saqlash uchun juda foydalidir, dedi “Gazeta.Ru” nashriga bergan intervyusida “Medicina” AJ (akademik Roytberg klinikasi) gastroenterologi Yevgeniy Belousov.
Biroq shifokor har bir inson organizmining individual xususiyatlarini inobatga olish va xurmoni, ayniqsa, pishmagan holatda ortiqcha iste’mol qilmaslik kerakligini ta’kidladi. Kattalar uchun tavsiya etilgan miqdor — kuniga 1–2 dona (o‘lchamiga qarab), eng yaxshisi muvozanatli ovqat tarkibida — masalan, tvorog, yong‘oq bilan yoki asosiy taomdan keyin desert sifatida.
Xurmo tarkibida A, C, B guruhi vitaminlari, kaliy, magniy, kalsiy, shuningdek, hazm qilishni yaxshilovchi, ichak mikroflorasini sog‘lom saqlovchi va xolesterin darajasini nazorat qilishga yordam beruvchi ko‘p miqdorda tolalar (kletchatka) mavjud.
“100 gramm xurmada 160–180 mg gacha kaliy bo‘lishi mumkin. Bu mineral suyuqlik-tuz muvozanatini saqlaydi va yurak hamda mushaklarning normal ishlashini ta’minlaydi. Shuningdek, xurmo tarkibida magniy, kalsiy, temir, marganets mavjud — ular oz miqdorda bo‘lsa-da, oson o‘zlashtiriladigan shaklda. Bundan tashqari, xurmo antioksidantlarga boy: taninlar, katexinlar, antosiyaninlar — ayniqsa, tortadigan (yopishqoq) navlarda ko‘p uchraydi. Bu moddalar yallig‘lanishga qarshi, mikroblarga qarshi va hattoki potensial saratonga qarshi xususiyatlarga ega. Ularning barchasi yurak-qon tomir tizimini sog‘lom saqlashda muhim rol o‘ynaydi,” — deya xulosa qildi shifokor.
