Financial Times: Olimlar ko‘zi ojizlarga qisman ko‘rish qobiliyatini tiklaydigan implant yaratdi

Oct 21, 2025 - 08:34
Financial Times: Olimlar ko‘zi ojizlarga qisman ko‘rish qobiliyatini tiklaydigan implant yaratdi

Amerikalik olimlar ko‘zi ojiz bemorlarga o‘qish va kundalik ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan ko‘rishni qisman tiklashga yordam beradigan ko‘z implantini yaratishdi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

“Ushbu tadqiqot shuni tasdiqlaydiki, biz birinchi marta geografik atrofiyadan ko‘zi ojiz bo‘lgan bemorlarning markaziy ko‘rish qobiliyatini tiklashimiz mumkin. Bu implant keksa yoshga bog‘liq makulyar degeneratsiyaning oxirgi bosqichini davolashda yangi davrni boshlab beradi,” — dedi Bonn Universitet klinikasining oftalmologiya bo‘limi rahbari Frank Xolz.

Yangi texnologiya bemor taqadigan maxsus ko‘zoynaklarga o‘rnatilgan kameradan iborat. Kamera tasvirlarni suratga oladi va ularni 2x2 mm o‘lchamdagi simsiz retina implantiga yuboradi. Implant yorug‘likni elektr impulslariga aylantiradi va bu signallar miya tomon yuboriladi. Tadqiqotga ko‘ra, ushbu qurilma yoshga bog‘liq makulyar degeneratsiyadan aziyat chekkan bemorlarning 81%iga foydali bo‘lgan.

Tadqiqot Amerika kompaniyasi Science Corporation tomonidan moliyalashtirilgan. Kompaniya Stenford universitetining oftalmologiya professori Daniel Palanker loyihasi asosida ushbu implantni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Ular AQSh va Yevropada klinik foydalanishga ruxsat olish uchun murojaat qilishgan.