Dunyo bo'ylab bir soatda yuk yetkazib berish: Arc kosmik qurilmasi taqdim etildi
AQShning Inversion nomli yangi kosmik startapi Arc nomli yangi qurilma konsepsiyasini taqdim etdi. Ushbu qurilma yuklarni Yerning istalgan nuqtasiga bir soatdan kamroq vaqt ichida yetkazib berishga mo‘ljallangan.
Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan taqdimotda kompaniya hammuassisi va bosh direktori Jastin Fiashetti Arc qurilmasi orbitada besh yilgacha kutish rejimida bo‘lishi va zarur paytda mustaqil tarzda Yerga tushib, 225 kg gacha bo‘lgan yuklarni yetkazib berishini aytdi. Qurilma asosan AQSh armiyasi uchun mo‘ljallangan.
Inversion kompaniyasi 2021-yilda Jastin Fiashetti va Ostin Briggs tomonidan, ular Boston universitetida talaba bo‘lgan paytda tashkil etilgan. Fiashetti ilgari SpaceX va Relativity Space kompaniyalarida amaliyot o‘tab, raketa dvigatellari ustida ishlagan. Oradan uch yil o‘tib, 25 kishilik kichik jamoa Ray nomli sinov qurilmasini yaratdi. Ushbu qurilma joriy yilning yanvar oyida SpaceX’ning Transporter-12 missiyasi doirasida orbitaga chiqarildi.
Ray qurilmasining og‘irligi 90 kg atrofida bo‘lib, u kompaniyaning ichki tizimlarini sinovdan o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan. Qurilma ikki komponentli raketa dvigateli orqali orbitaviy harakatlarni muvaffaqiyatli bajardi va hali ham Yer bilan aloqada bo‘lib turibdi. Biroq, nazorat ostida qo‘nish rejalashtirilmagan.
Shunga qaramay, muvaffaqiyatli sinov Inversion kompaniyasiga yirikroq — Arc qurilmasini yaratish uchun ishonch berdi. Uning o‘lchami katta stolga teng — eni 1,2 metr, bo‘yi 2,5 metr. Dastlabki uchirish 2026-yil oxiriga rejalashtirilgan.
