Homiladorlik davrida to‘g‘ri ovqatlanishning ahamiyati

Olimlar homiladorlik davrining fiziologik xususiyatlari va ayolning sog‘lig‘i holatini hisobga olgan holda, to‘g‘ri ovqatlanishga individual yondashuvning ahamiyatini ta’kidlamoqdalar. Homiladorlikda to‘g‘ri ovqatlanish – bo‘lajak bolaning salomatligi va onaning farovonligini belgilovchi eng muhim omillardan biridir. Bu davrda ayol tanasi ikki barobar ko‘proq energiya sarflaydi, chunki u nafaqat onaning, balki rivojlanayotgan bolakayning ham ehtiyojlarini qondirishi kerak bo‘ladi.
Homiladorlik vaqtida ayol organizmi bolaning sog‘lom rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalarga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Ushbu moddalarning yetishmasligi yoki nomutanosibligi homila rivojining orqada qolishiga, erta tug‘ilishiga yoki tug‘ma nuqsonlarning yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, bu davrda to‘g‘ri va muvozanatli ovqatlanish alohida ahamiyatga ega.
Ona va bola sog‘lom rivojlanishi uchun kunlik ozuqa moddalariga ehtiyoj:
OQSILLAR (PROTEINLAR)
Oqsillar barcha to‘qimalar, jumladan miya, mushaklar va suyaklar tuzilishi uchun muhimdir. Shuningdek, plasenta (homila yo‘ldoshi) hosil bo‘lishi va qon tarkibining normal holatda bo‘lishi uchun zarur.
-
Tavsiya etilgan miqdor: kuniga 70–100 gramm
-
Manbalari: yog‘siz mol go‘shti, tovuq, kurka, baliq, tuxum, sut mahsulotlari (qatiq, kefir), dukkaklilar (mosh, no‘xat), yong‘oqlar
UGLEVODLAR
Uglevodlar – homilador ayol va rivojlanayotgan homila uchun asosiy energiya manbai. Murakkab uglevodlar uzoq vaqt to‘qlik hissini beradi va qon shakarining keskin ko‘tarilishini oldini oladi.
-
Manbalari: donli mahsulotlar, sabzavotlar, mevalar
YOG‘LAR
Yog‘lar asab tizimining faoliyati, gormonlar ishlab chiqarilishi va A, D, E, K vitaminlarining so‘rilishi uchun zarur. Asosan to‘yinmagan yog‘lar tavsiya etiladi.
-
Manbalari: zaytun va kunjut yog‘i, baliq, avokado, yong‘oqlar, urug‘lar
FOLIY KISLOTASI (Vitamin B9)
Foliya kislotasi homilaning asab tizimini shakllantirishda juda muhim. Uning yetishmasligi asab nayi nuqsonlariga olib kelishi mumkin.
-
Tavsiya etilgan miqdor: kuniga 400–800 mkg
-
Manbalari: ko‘katlar (salat), brokkoli, loviya, tsitrus mevalari
TEMIR
Homiladorlik vaqtida ayolning qon hajmi ortadi. Bu esa kamqonlik (anemiya)ning oldini olish uchun temirga boy oziq-ovqatlarni iste’mol qilishni talab qiladi.
-
Tavsiya etilgan miqdor: kuniga 27 mg
-
Manbalari: qizil go‘sht, jigarda, loviya, yashil sabzavotlar, donli mahsulotlar
-
Yaxshi so‘rilishi uchun: C vitaminiga boy mahsulotlar bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi
KALSİY
Suyaklar va tishlarning shakllanishi, shuningdek, onaning suyak salomatligi uchun zarur mikroelementdir.
-
Tavsiya etilgan miqdor: kuniga 1000–1300 mg
-
Manbalari: sut, qatiq, kefir, ko‘katlar, baliq
D VITAMINI
Kalsiy so‘rilishiga yordam beradi. Homilador ayol tanasida kalsiyning to‘g‘ri so‘rilishini ta’minlash uchun D vitaminiga boy mahsulotlar kerak.
-
Manbalari: baliq, tuxum sarig‘i, quyosh nuri
YOD
Yod qalqonsimon bezning normal ishlashi va bolaning miyasi rivojlanishi uchun muhim.
-
Tavsiya etilgan miqdor: kuniga 200 mkg
-
Manbalari: dengiz mahsulotlari
HOMILADOR AYOLLAR UCHUN OVQATLANISH XUSUSIYATLARI
Homilador ayolning ovqatlanish ehtiyojlari quyidagi omillarga qarab farq qilishi mumkin:
-
Yosh: Yosh homilador ayollar uchun temir va kalsiyga ehtiyoj yuqoriroq bo‘ladi
-
Vazn: Ortiqcha yoki kam vazn ozuqa ehtiyojlariga ta’sir qiladi
-
Salomatlik holati: Kamqonlik, qandli diabet, buyrak kasalliklari maxsus ovqatlanishni talab qiladi
-
Jismoniy faollik: Energiya va ozuqa moddalari ehtiyojini oshiradi
-
Egizak homiladorlik: Ozuqa moddalariga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortadi
Homilador ayolning ovqatlanish odatlari, istaklari va jismoniy holati hisobga olinishi lozim. Shifokor bilan maslahatlashgan holda tuzilgan ovqatlanish rejasi ona va bola uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratadi.
OVQATLANISH BO‘YICHA TAVSIYALAR
-
Turli xil oziq-ovqatlarni iste’mol qiling: Protein, yog‘, uglevod, vitamin va minerallarga boy mahsulotlardan foydalaning
-
Tez-tez va oz-ozdan yeng: Kuniga 5–6 mahal kichik miqdorda ovqatlaning. Bu qon glyukozasi barqarorligini saqlaydi va ko‘ngil aynishini kamaytiradi
-
Etarlicha suv iching: Kuniga 2–2,5 litr suv ichish tavsiya etiladi
-
Shakar va tuzni cheklang: Haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish qand kasalligi va gipertoniyaga olib kelishi mumkin
-
Kofein iste’molini nazorat qiling: Kuniga 1 stakandan (200 ml) ortiq ichimlik ichish tavsiya etilmaydi
-
Vitamin va mineral komplekslarini faqat shifokor tavsiyasi bilan qabul qiling
-
Oziq-ovqat xavfsizligiga e’tibor bering: Meva va sabzavotlarni yaxshilab yuving, go‘sht, baliq, tuxumni to‘liq pishiring. Xom yoki yetarlicha ishlov berilmagan mahsulotlardan saqlaning