Instagram’ning televizorlar uchun versiyasi taqdim etildi
Instagram ijtimoiy tarmog‘i endilikda televizorlar uchun ham taqdim etilmoqda. 17-dekabr kuni Instagram for TV versiyasi rasman namoyish etildi.
Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, Reels endi uy sharoitida — oila a’zolari yoki do‘stlar bilan — filmlar va teleko‘rsatuvlarga o‘xshash tarzda tomosha qilish uchun mo‘ljallangan formatga aylanadi. Shu tariqa, Instagram katta ekranlarda YouTube va TikTok bilan bevosita raqobatga kirishmoqda. Televizion versiyaning ishga tushirilishi Meta kompaniyasining qisqa videokontentni smartfonlardan tashqariga olib chiqishga bo‘lgan urinish sifatida baholanmoqda.
Hozircha ilova AQShda Amazon Fire TV qurilmalarida sinov tariqasida foydalanish uchun ochiq. Kompaniya yaqin oylar ichida ilova boshqa qurilmalarda va boshqa hududlarda ham taqdim etilishini ma’lum qildi.
Ayni paytda foydalanuvchilar beshtagacha akkaunt qo‘shishlari yoki faqat televizorda tomosha qilish uchun alohida akkaunt yaratishlari mumkin. Videolar foydalanuvchi qiziqishlariga qarab alohida kanallarga ajratilgan.
Qidiruv funksiyasi mavjud bo‘lib, kelajakda telefonni pult sifatida ishlatish, lentalarni ulashish va yaxshilangan navigatsiya kabi imkoniyatlar qo‘shilishi rejalashtirilgan.
