Jigar saratoni: holatlarning 60 foizini oldini olish mumkin — olimlar ogohlantirmoqda
The Lancet jurnali komissiyasining tadqiqotiga ko‘ra, 2050-yilga kelib dunyo bo‘yicha jigar saratoni bilan kasallanganlar soni ikki baravar oshib, 1,5 millionga yetishi mumkin. Biroq olimlar ushbu holatlarning 60 foizigacha bo‘lganini turmush tarzini o‘zgartirish orqali oldini olish mumkinligini ta’kidlashmoqda.

O‘lim xavfi yuqori va keng tarqalgan kasallik
Jigar saratoni dunyoda eng ko‘p uchraydigan saraton turlari orasida oltinchi o‘rinda, saraton tufayli vafot etish darajasida esa uchinchi o‘rinda turadi. Ushbu saratonga chalinganlarning besh yillik yashash darajasi faqat 5–30 foizni tashkil etadi. Erkaklar ayollarga nisbatan 2–3 baravar ko‘proq jigar saratoni bilan kasallanishadi.
Asosiy xavf omillari
Oldiniga jigar saratoni asosan gepatit B va C virusi hamda alkogolni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq hisoblangan. Ammo so‘nggi yillarda semizlik, ya’ni alkogolsiz yog‘li jigar kasalligi (AYJK) ham asosiy sabab sifatida ko‘rilmoqda. Hozirda dunyoda kattalar orasida 40 foizga yaqin odamda AYJK bor, ularning uchdan bir qismida esa uning xavfli shakli — steatogepatit rivojlanmoqda. Shifokorlar buni “jim o‘ldiruvchi” deb atashadi, chunki kasallik aniq alomatlarsiz kechib, jigar sirrozi va keyinchalik saratonga olib keladi.
Statistika va prognozlar
-
Alkogol va sirroz tufayli jigar saratoni holatlari 2022-yilda 19 foiz bo‘lib, 2050-yilda 21 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda.
-
Gepatit B tufayli holatlar 39 foizdan 37 foizgacha kamayishi mumkin.
-
Gepatit C tufayli holatlar esa 29 foizdan 26 foizgacha pasayadi.
Nima qilish kerak?
Olimlar turmush tarzini yaxshilash — alkogol iste’molini kamaytirish yoki butunlay tark etish, muvozanatli ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirish — kasallik xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Bunday o‘zgarishlar yiliga 2–5 foizga yangi jigar saratoni holatlarining oldini olib, kelgusi 25 yil davomida 17,3 million yangi kasallik va taxminan 15,1 million odam hayotini saqlab qolishi mumkin.
Ammo muammolar mavjud
Ushbu tavsiyalarni amalga oshirish qiyin bo‘lib qolmoqda. Masalan, dunyo jigar saratoni holatlarining 42,4 foiziga ega bo‘lgan Xitoyda 1990–2021 yillarda yillik pasayish faqat 0,3 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, Yevropa va Shimoliy Amerikada bu kasallikning ko‘payishi yiliga 1–2,8 foizni tashkil qilmoqda. Bu esa alkogol iste’moli va AYJK bilan kasallanganlar sonining oshishi bilan bog‘liq.
Oldini olish mumkinmi?
“Naked Science” jurnali oldinroq yozganidek, semizlik epidemiyasi so‘nggi 50 yil ichida laboratoriya hayvonlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Bu esa faqat ovqatlanish va jismoniy faollik bilan bog‘liq bo‘lmagan, nazorat qilish qiyin bo‘lgan omillar mavjudligini ko‘rsatadi. Shu sababli The Lancet komissiyasining tavsiyalarini amalga oshirish yanada murakkablashmoqda.