Keksalarda harakatchanlikni kamaytiradigan mahsulotlar aniqlandi

Nov 1, 2025 - 10:25
Keksalarda harakatchanlikni kamaytiradigan mahsulotlar aniqlandi

Xalqaro olimlar guruhi aniqlashicha, juda ko‘p qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini (JQIO‘M) ko‘p miqdorda iste’mol qilish insonning jismoniy kuchini pasaytiradi. Ayniqsa, bu holat erkaklar va ayollarda yurish tezligining sekinlashishiga, erkaklarda esa qo‘l siqish kuchining kamayishiga olib keladi. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqot Framingham Offspring Cohort dasturi doirasida 2 547 nafar ishtirokchi ustida olib borilgan bo‘lib, ularning sog‘lig‘i o‘rtacha 10,8 yil davomida kuzatilgan.

Kunlik JQIO‘M iste’molidagi har bir qo‘shimcha porsiya yurish tezligining yiliga 0,001 m/soniyaga pasayishi bilan bog‘liq bo‘ldi. Erkaklarda esa qo‘l siqish kuchi har yili 0,02 kilogrammga kamaygani qayd etildi (p = 0,04).

«Natijalar shuni ko‘rsatadiki, juda ko‘p qayta ishlangan mahsulotlar harakatchanlik va jismoniy kuchning asta-sekin kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin», — dedi Shivani Sahni, Hinda va Artur Markus qarilikni o‘rganish institutining ovqatlanish dasturi direktori va Garvard tibbiyot maktabi dotsenti.

«Bunday mahsulotlar iste’molini cheklash va oziqa moddalarga boy, tabiiy mahsulotlarga e’tibor qaratish — jismoniy sog‘lomlikni saqlash va sog‘lom qarish uchun muhim qadamlardan biridir», — deya qo‘shimcha qildi tadqiqotning yetakchi muallifi Elza Konchinski, Tafts universiteti qoshidagi Fridman ovqatlanish va siyosat fanlari maktabidan.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, bu natijalar keksalik davrida sog‘liqni saqlashda to‘g‘ri ovqatlanishning asosiy rolini ko‘rsatadi va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini funksional zaiflashuv bilan bog‘lovchi biologik mexanizmlarni yanada chuqurroq o‘rganish zarurligini ta’kidlaydi.