Quyoshning “energiya bilan to‘lgan” faol sohasi Yer tomon aylanmoqda
Quyoshning orqa tomonida joylashgan va eng kuchli sinfdagi portlashlarni keltirib chiqargan faol soha endi Yer tomon aylanmoqda. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.
«4246-raqamli faol soha oktabr o‘rtalarida Quyosh faolligini deyarli 10 baravar oshirgan va keyinchalik Quyoshning orqa tomonidan bir nechta X sinfli portlashlarni yuzaga keltirgan edi. Endi esa u Yer tomon qaytmoqda. Ertaga bu soha Quyoshning chetidan to‘liq chiqadi va uning dog‘lari ko‘rina boshlaydi. Uch-to‘rt kundan so‘ng esa u yerdan chiqarilgan modda va energiya Yergacha yetib kelishi mumkin», — deyiladi laboratoriya xabarida.
Hozircha Quyosh diskining chetida balandligi 100–200 ming kilometr bo‘lgan magnit halqalarning yuqori qismlari ko‘rinmoqda. Bu belgilarning paydo bo‘lishi Quyosh portlashlarining nurlanishi kuchayishini ko‘rsatadi.
Olimlarning fikricha, Yer tomon aylanayotgan Quyosh qismi “ortiqcha energiyadan to‘lib-toshgan”. 30-oktabr kuni Quyoshning orqa tomonidan, ekvatorga yaqin joydan, katta modda chiqarilishi kuzatildi. Bu joy hozirda Yerdan qisman ko‘rinayotgan faol markazdan pastroqda joylashgan.
