“Liverpul” tarkibini kuchaytirmoqda

Yozgi transfer oynasida juda faol harakat qilayotgan Angliyaning “Liverpul” klubi tarkibiga yana bir hujumchini qo‘shdi. Aniqrog‘i, ingliz klubi Germaniyaning “Ayntraxt” jamoasidan fransiyalik hujumchi Ugo Ekitikeni 90 million yevroga (qo‘shimcha 5 million yevro bonus bilan) sotib oldi.
Futbolchi bilan 6 yillik shartnoma imzolandi — ya’ni kelishuv 2031-yil yozigacha amal qiladi.
Ta’kidlash joizki, Ugo Ekitike o‘tgan mavsumda Bundesliga doirasida “Ayntraxt” tarkibida 33 uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol urgan va 8 ta golli uzatma bergan.
Ma’lumot uchun: Ekitikedan tashqari, “Liverpul” bu yozda Germaniyaning “Bayer Leverkuzen” klubidan Florian Virts va Jeremi Frimpongni, shuningdek Angliyaning “Bornmut” jamoasidan Milosh Kerkezni ham sotib oldi.
Klub tomonidan bu yoz amalga oshirilgan transferlarning umumiy qiymati 300 million yevrodan oshdi.