NBC: AQSHda odamlar advokat o‘rniga sun’iy intellektdan foydalanmoqda

AQSH fuqarolari sud ishlarida advokat yollamasdan, generativ sun’iy intellekt (SI) vositalaridan foydalanib g‘alaba qozonmoqda.

Oct 9, 2025 - 09:23
NBC: AQSHda odamlar advokat o‘rniga sun’iy intellektdan foydalanmoqda

Report agentligining xabariga ko‘ra, bu haqda NBC telekanali ma’lumot bergan.

NBC telekanali Lynn White ismli amerikalik ayolning voqeasini misol tariqasida keltiradi. U kechiktirilgan ijara to‘lovi tufayli ko‘chma uyidan haydalish xavfi ostida qolgan edi. Davlat tomonidan tayinlangan advokat yordamida ishi yutqazilganidan so‘ng, apellyatsiya berishga qaror qildi va ChatGPT hamda Perplexity kabi sun’iy intellekt xizmatlaridan foydalandi. Natijada, u uyini saqlab qoldi va qarz miqdorini kamaytirdi.

“Men uchun sun’iy intellektning foydasi beqiyos bo‘ldi, — deydi White. — U bo‘lmaganda bu apellyatsiyani yuta olmas edim”.

Biroq, SI ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘z xizmatlaridan yuridik maqsadlarda foydalanmaslikni tavsiya qiladi. NBCning yozishicha, SI yordamida tayyorlangan huquqiy hujjatlar ko‘pincha noto‘g‘ri ma’lumotlar va xatolarni o‘z ichiga oladi.

Shunga qaramay, ko‘plab yuristlar SI’ning kasbiy faoliyatdagi o‘rnini ijobiy baholamoqda. Janubiy Kaliforniyadan bo‘lgan advokat Andrew Montezning aytishicha, SI uning huquqiy tahlilini to‘liq almashtira olmasa ham, ishini ancha yengillashtiradi. “Kelajakda har qanday yurist SI’dan foydalanishga majbur bo‘ladi. Aks holda, ular ortda qoladi”, — deydi Montez NBCga bergan intervyusida.