NEFT-GAZ SANOATI VA GEOLOGIYA XODIMLARI KUNI

Dec 13, 2025 - 08:55
NEFT-GAZ SANOATI VA GEOLOGIYA XODIMLARI KUNI

Doimiy betarafligimizning 30 yillik shonli yubileyidan keyingi fayzli kunlarda Vatanimiz yana bir bayramni tantanali tarzda nishonlamoqda. Xususan, 14 dekabr kuni mamlakatimizda Neft-gaz sanoati va geologiya xodimlari kuni keng nishonlanadi. Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan soha muassasa va korxonalari vakillari ham kasb bayramini munosib mehnat yutuqlari bilan kutib oldilar.

Qadimiy Lebap zamini Turkmanistonning “ko‘k yoqilg‘i” zaxiralari eng boy bo‘lgan hududlaridan biridir. Viloyatda har yili milliardlab kub metr tabiiy gaz qazib olinib, ichki ehtiyojlar uchun hamda jahon bozorlariga yo‘naltirilmoqda. Seydi neftni qayta ishlash zavodi mamlakatimizda mazkur yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashgan yirik korxonalardan biridir. Sharqiy hududda faoliyat yuritayotgan geologlar yildan-yilga samarali razvedka ishlarini olib borib, yer osti boyliklarining yirik manbalarini aniqlamoqdalar.

Umuman olganda, ushbu soha mutaxassislarining fidokorona mehnati milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Joriy yilda viloyatda qazib olingan “ko‘k yoqilg‘i” hajmi qariyb 21 milliard kub metrga yetdi. Shuningdek, yil boshidan buyon sharqiy hudud neft-gazchilari tomonidan 440 ming tonnadan ortiq neft va gaz kondensati ishlab chiqarildi. Yil davomida sharqiy hudud gazchilari tomonidan 4 milliard kub metrdan ortiq tabiiy gaz eksport qilindi.

Viloyatda neftni qayta ishlash va turli neft mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida ham har yili salmoqli mehnat yutuqlariga erishilmoqda. Joriy yilda ham soha xodimlari kasb bayramini yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bilan qarshi oldilar. Xususan, qayta ishlangan neft hajmi 510 ming tonnadan, dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 120 ming tonnadan, neft bitumi 22 ming tonnadan, benzin esa 230 ming tonnadan oshdi. O‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda, bu ko‘rsatkichlar 5 foizdan 19 foizgacha o‘sishni ta’minladi. Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda 43 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, 9 foizlik o‘sish sur’ati qayd etildi.

Viloyatda faqat “ko‘k yoqilg‘i” ishlab chiqarishni oshirish bilangina cheklanib qolmay, balki yangi tashkil etilayotgan aholi punktlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha ham samarali ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda “Lebapgazta’minot” boshqarmasi tomonidan yangi aholi punktlariga jami 42,4 kilometr gaz quvurlari tortildi. Shundan 30,8 kilometri qishloq hududlariga, 11,6 kilometri esa shahar va shaharchalardagi yangi aholi punktlariga to‘g‘ri keladi.

Yil davomida sharqiy hudud geologlari tomonidan yangi gaz va chuchuk suv konlari aniqlangani haqida xabar berildi. Ushbu manbalar allaqachon sanoat ekspluatatsiyasiga topshirilib, ulardan mo‘l hosil olinmoqda. Shu bilan birga, neft-gaz sanoati va geologiya sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlari ham izchil yaxshilanib borayotganini ta’kidlash lozim. Yaqinda “Lebapgazqazib chiqarish” boshqarmasi xodimlari uchun Xitoy Xalq Respublikasidan 10 dan ortiq yangi avtobuslar yetkazib berildi. Ushbu zamonaviy transport vositalari xodimlarni ishlab chiqarish maydonlariga va yashash joylariga eltish uchun foydalanilmoqda.

Doimiy betarafligimizning shonli 30 yilligi bilan uyg‘unlashib kelgan Neft-gaz sanoati va geologiya xodimlari kuni mamlakatimizda ushbu soha vakillarining fidokorona mehnatiga yuksak hurmat ko‘rsatilayotganining yorqin ifodasidir. Eng zamonaviy sharoitlarda mehnat qilayotgan neft-gazchilar va geologlar yaratilgan keng imkoniyatlar uchun Qahramon Arkadag va Arkadag‘li Qahramon Serdarga chuqur minnatdorlik bildirmoqdalar.