Olimlar kofein antibiotiklarning samaradorligiga xalaqit berishi mumkinligini aniqlashdi
Oddiy ovqat tarkibidagi moddalar, jumladan kofein, bakteriyalarning antibiotiklarga qarshiligiga sezilmas tarzda ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday xulosaga Tyubingen va Vyurtsburg universitetlarining olimlari kelishdi. Tadqiqot natijalari PLOS Biology jurnalida chop etildi.

Tadqiqot davomida olimlar 94 xil birikmani — antibiotiklardan tortib, retsept bo‘yicha beriladigan dorilar va oziq-ovqat tarkibiy qismlarigacha — sinovdan o‘tkazishdi. Ular aniqlashlaricha, turli oziq-ovqat komponentlari Escherichia coli (E. coli) bakteriyasidagi gen ifodalanishiga tizimli tarzda ta’sir ko‘rsatadi. Bu genlar bakteriya hujayrasiga qanday molekulalar kirib-chiqishini nazorat qiluvchi transport oqsillari faoliyatini boshqaradi.
Tadqiqotchilar kofeinga alohida e’tibor qaratishdi. Ma’lum bo‘lishicha, kofein Rob nomli regulyator genini faollashtirib, E. coli bakteriyasining transport tizimida bir qator o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Natijada, tsiprofloksasin kabi antibiotiklarning so‘rilishi kamayadi va ularning ta’siri zaiflashadi. Olimlar bu holatni antagonistik o‘zaro ta’sir deb atashdi.
Qizig‘i shundaki, bu ta’sir Salmonella enterica bakteriyasida kuzatilmadi, garchi u E. coli’ning yaqin qarindoshi bo‘lsa ham. Salmonella enterica’ning ko‘plab serotiplari inson kasalliklariga, jumladan, qorin tifi, paratif va salmonellyozga sabab bo‘ladi. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, bir-biriga o‘xshash mikroorganizmlar ham tashqi omillarga turlicha javob berishi mumkin — ehtimol, ularning transport tizimidagi farqlar sababli.
“Bizning ma’lumotlarimiz shuni ko‘rsatadiki, hatto oddiy moddalarning o‘zi ham bakteriyalar genlariga nozik, ammo izchil ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deya ta’kidladi tadqiqot hammuallifi Kristof Binsfeld.
Olimlar ta’kidlashicha, mutatsiyalarga emas, balki bakteriyalarning moslashuvchan xatti-harakatlariga asoslangan past darajadagi qarshilik mexanizmlarini tushunish, infeksiyalarni davolashda yangi yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim rol o‘ynashi mumkin.