COVID-19 pandemiyasi hatto kasallikni boshdan kechirmagan odamlarning ham miyasi qarishini tezlashtirgan — olimlar xulosasi
Buyuk Britaniyalik olimlarning yangi tadqiqotiga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi hatto hech qachon virusga chalinmagan insonlarning ham miya salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. SARS-CoV-2 virusining kognitiv (aqliy) funksiyalar va umumiy miya salomatligiga ta’siri ilgari ham qayd etilgan edi, biroq aniq oqibatlari hali to‘liq o‘rganilmagan edi.

Nottingem universiteti va Londonning Imperial kolleji olimlari erkaklar va ayollarda pandemiyadan oldin va keyin "miya yoshi" — organizmning biologik qarish darajasini o‘lchovchi muhim ko‘rsatkich — ni baholadilar. Tadqiqot uchun ular Buyuk Britaniyaning UK Biobank ma’lumotlar bazasidagi sog‘liq holati va miya MRT (magnit-rezonans tomografiyasi) natijalaridan foydalandilar.
Tadqiqot qanday o‘tkazildi:
Ishtirokchilar ikki asosiy guruhga ajratildi:
-
1-guruh: 564 nafar ishtirokchi (45 yoshdan 82 yoshgacha, ularning 53 foizi ayollar), ularning miya MRT tasvirlari 2020 yil mart oyidan oldin olingan.
-
2-guruh: 432 nafar ishtirokchi (47 yoshdan 79 yoshgacha), ularning MRT ma’lumotlari pandemiyadan oldin va uning davomida olingan. Bu guruh yana ikki kichik guruhga ajratildi:
-
COVID-19 bilan kasallanganlar — 134 kishi (58 foizi ayollar)
-
Kasallanmagan (No Covid-19) — 298 kishi (60 foizi ayollar)
-
Hech bir ishtirokchi surunkali kasallikka ega bo‘lmagan.
Asosiy xulosalar:
-
Pandemiya davrida MRT tasvirlari olingan insonlarning miya yoshi o‘rtacha yarim yilga katta bo‘lib chiqqan.
-
Miya po‘stlog‘ining qalinligi, kulrang va oq moddalar hajmi, ularning holatidagi patologik o‘zgarishlar kabi ko‘rsatkichlar hisobga olingan.
Eng qizig‘i, kasallanmagan ishtirokchilarda kognitiv funksiyalar o‘zgarmagan bo‘lsa-da, COVID-19 ni boshdan kechirganlar fikrlash moslashuvchanligi va axborotni qayta ishlash tezligi bo‘yicha pastroq natijalarni ko‘rsatgan.
Sababi nima bo‘lishi mumkin?
Olimlarning fikricha, pandemiyani boshdan kechirgan barcha insonlarda kuzatilgan salbiy miya o‘zgarishlari faqat virus emas, balki ijtimoiy omillar — stress, karantin davridagi yolg‘izlik, ishsizlik yoki moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, kasallanmagan deb hisoblangan guruhdagi ayrim odamlar aslida yashirincha yoki yengil shaklda kasallikni boshdan kechirgan bo‘lishlari mumkin. Pandemiya davrida tez testlarning ishonchliligi past bo‘lgani ham eslatib o‘tilgan.
Bu — dunyoda birinchi marta o‘tkazilgan tadqiqot bo‘lib, u pandemiya nafaqat biologik, balki ijtimoiy-psixologik bosimlar orqali ham miya qarishini tezlashtirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Olimlar bunday omillarning ta’sirini yanada chuqurroq tushunish uchun boshqa davlatlarda ham keng miqyosli tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlamoqda.