O‘zbekiston Turkmanboshi porti orqali Yevropaga muntazam blok-poyezdlarni yo‘lga qo‘ydi
“Uztemiryulkonteyner” AJ 2025-yilda Turkmanboshi porti orqali O‘zbekistondan Yevropa mamlakatlariga yuklarni muntazam konteyner tashish ishlarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda dushanba kuni “Uztemiryulkonteyner” kompaniyasi xabar berdi.
Xususan, Turkmaniston porti orqali mineral o‘g‘itlar, kaliy, karbamid, alyuminiy va mis yuklari ortilgan jami 18 ta blok-poyezd muvaffaqiyatli jo‘natildi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha muntazam blok-poyezdlar harakatining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekistonning eksport salohiyatini kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda mamlakatning xalqaro transport yo‘laklaridagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Turkmanboshi xalqaro dengiz porti Kaspiy mintaqasidagi eng yirik va eng zamonaviy port hisoblanadi. Uning umumiy maydoni 150 gektardan ortiq. Portning o‘tkazish quvvati yiliga 17 million tonna yukni tashkil etib, 300 ming yo‘lovchi, 75 ming yuk avtomobili va 400 ming TEU konteynerga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
