Rossiya oʻzining sun’iy yoʻldosh orqali internet terminalini yaratmoqda

Rossiyaning davlat korporatsiyasi “Roskosmos” xorijiy tizimlar, jumladan Starlink bilan taqqoslanadigan milliy sun’iy yoʻldosh internet terminali ustida ish olib bormoqda. Bu haqda korporatsiya rahbari Dmitriy Bakanov federal telekanallardan birining efirida ma’lum qildi.

Sep 17, 2025 - 17:22
Rossiya oʻzining sun’iy yoʻldosh orqali internet terminalini yaratmoqda

Uning aytishicha, ushbu qurilma sun’iy yoʻldosh orqali yuqori tezlikdagi internetga ulanish imkonini beradi va Rossiyaning chekka, infratuzilmasi zaif yoki mavjud boʻlmagan hududlari uchun muhim yechim boʻlishi mumkin.

“Bizning terminalimiz uzoq hududlardagi aholi punktlarini, shimoliy mintaqalarni va boshqa ogʻir yetib boriladigan joylarni internet bilan ta’minlaydi. Koʻp joylarda an’anaviy aloqa tarmoqlarini qurish iqtisodiy jihatdan foydasiz yoki texnik jihatdan murakkab”, — dedi Bakanov.

Ushbu terminal zamonaviy talablar — tezlik, ishonchlilik va barqaror aloqa — asosida ishlab chiqilmoqda. Qurilma ixcham, foydalanishga qulay va turli iqlim sharoitlarida ishlay oladigan boʻlishi rejalashtirilgan.

Mahalliy sun’iy yoʻldosh internet terminalini yaratish Rossiyaning raqamli texnologiyalar va aloqa sohasida texnologik mustaqilligini ta’minlash strategiyasining bir qismidir.

Qurilmaning dastlabki namunalari yaqin kunlarda taqdim etilishi kutilmoqda.