Rossiyada “barcha viruslarga qarshi” tabletka yaratildi
Rossiyaning farmatsevtika kompaniyasi “Promomed” barcha viruslarga qarshi ta’sir ko‘rsatadigan “Esperavir” nomli tabletka shaklidagi dori vositasini ishlab chiqdi. Bu haqda kompaniya direktorlar kengashi raisi Pyotr Beliy va yangi mahsulotlar bo‘yicha direktor Kira Zaslavskaya Sputnik radiosi orqali ma’lum qildi.
Zaslavskayaning aytishicha, yangi dori inson organizmidagi virusning ko‘payish jarayonini to‘xtatadi. U RNK-ga bog‘liq RNK-polimeraza deb ataluvchi maxsus fermentni bloklaydi, bu esa virusning ko‘payish jarayonida muhim rol o‘ynaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda insonni yuqtirib, shamollash belgilari keltirib chiqaradigan 800 dan ortiq virus turlari mavjud.
“Yaxshiyamki, ularning barchasi RNK-viruslar bo‘lib, tuzilishi va harakati jihatidan bir-biriga juda o‘xshaydi,” — dedi Zaslavskaya.
U ta’kidlashicha, yangi dori virusning ko‘payishini to‘xtatib, zararlangan hujayralarni yo‘q qiladi. Natijada, virus organizmdan butunlay chiqib ketadi va faqat sog‘lom hujayralar qoladi.
Avvalroq Rospotrebnadzor Rossiyada o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (ORVI) bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolayotganini, biroq aylanayotgan viruslar orasida gripp viruslarining ulushi ortib borayotganini ma’lum qilgan edi.
