Semizlikda yallig‘lanishni kamaytiradigan yong‘oq ma’lum qilindi
Kaju yong‘og‘ini muntazam iste’mol qilish o‘smirlarda qattiq parhez yoki jismoniy mashq qilmasdan ham qorin ichki yog‘ qatlamini kamaytirishga yordam beradi. Bu xulosaga Braziliyalik olimlar kelishdi. Tadqiqot natijalari Nutrition Research (NutriRes) jurnalida chop etildi.
Fortaleza shahridan semizlikka chalingan 142 nafar maktab o‘quvchisi tadqiqotda ishtirok etdi. 12 hafta davomida bir guruh har kuni 30 gramm qovurilgan kaju yeb turdi. Har ikki guruhga ham sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tadqiqot yakunida kaju iste’mol qilgan guruhda bel atrofi sezilarli darajada kamaygani va hujayra qarishiga va yallig‘lanishga olib keluvchi oksidlovchi stress darajasining pasaygani kuzatildi. Shu bilan birga, tana vaznida katta o‘zgarish qayd etilmadi.
Mutaxassislar bu samarani kajudagi to‘yinmagan yog‘lar, magniy va antioksidantlarning yuqori miqdori bilan izohlaydi. Magniy mushaklarni himoya qiladi, energiya almashinuvini va jismoniy chidamlilikni oshiradi. Bundan tashqari, u qon shakarini tartibga soladi, insulin sezuvchanligini yaxshilaydi va 2-tur diabet xavfini kamaytiradi.
To‘yinmagan yog‘lar va antioksidantlar metabolik himoyani ta’minlaydi — ular yomon xolesterin miqdorini kamaytiradi, qon tomirlarni sog‘lomlashtiradi va qon bosimini normallashtiradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, kaju yong‘og‘i o‘smirlar orasida moddalar almashinuvi va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda arzon va tabiiy vosita bo‘lishi mumkin.
