Uyqu yetishmasligi sakkizta xavfli kasallikni keltirib chiqaradi

Kuniga etti soatdan kam uxlash salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Terra nashrining yozishicha, nevrolog Janaína Azevedo Santos Pacheco doimiy uyqusizlik quyidagi sakkizta xavfli kasallik xavfini oshirishini ma’lum qilgan: yuqori qon bosimi (gipertoniya), yurak xurujlari (infarkt), miya insulti, semizlik, qandli diabet, demensiya (xotira va aql zaiflashuvi), depressiya va xavotir (tashvish) buzilishlari.

Aug 11, 2025 - 17:09
Uyqu yetishmasligi sakkizta xavfli kasallikni keltirib chiqaradi
Shutterstock

Mutaxassisning aytishicha, uyqu yetishmovchiligi stress gormonlari va moddalar almashinuvining boshqaruvini izdan chiqaradi. Bu esa organizmda yallig‘lanishni kuchaytiradi, qon bosimini oshiradi va yurak-qon tomir tizimining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Metabolizm va insulinni ishlab chiqarishdagi buzilishlar esa semizlik va 2-tur diabet xavfini oshiradi.

Bundan tashqari, uyqu yetishmasligi asab tizimiga doimiy bosim tushiradi. Bu holat psixik salomatlikning yomonlashishiga, xotira va diqqatning pasayishiga olib keladi. Shuningdek, uyqusi yetmaydigan odamlarda ko‘pincha kunduzgi uyquchanlik va sekin reaktsiyalar kuzatiladi, bu esa yo‘l-transport hodisalari va ish joyidagi baxtsiz hodisalarning ehtimolini oshiradi.

Uyqu sifatini yaxshilash uchun shifokor quyidagilarni tavsiya qiladi:

  • har kuni bir vaqtda uxlash odatini shakllantirish

  • kechqurun telefon va boshqa qurilmalardan foydalanmaslik

  • yotoqxonada qorong‘ulik va tinchlikni ta’minlash