Smartfonlar va salomatlik: Ekran vaqtining ortiqchaligi bolalar uchun qanday xavf tug‘diradi?

Smartfonlar, planshetlar va videoo‘yinlardan uzoq vaqt foydalanish bolalar va o‘smirlar salomatligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Daniyalik tadqiqotchilar shunday xulosaga kelishdi: bolalikdagi ortiqcha ekran vaqti modda almashinuvi buzilishlari va kelajakda yurak-qon tomir kasalliklari xavfining oshishi bilan bevosita bog‘liq.

Aug 11, 2025 - 16:53
Smartfonlar va salomatlik: Ekran vaqtining ortiqchaligi bolalar uchun qanday xavf tug‘diradi?

Journal of the American Heart Association jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflari yurak kasalliklarining asosiy sabablari — semizlik, yuqori qon bosimi, insulinga qarshilik va “yaxshi” xolesterin darajasining pastligi — ko‘pincha bolalik davrida shakllanishini ta’kidlashdi. Bu muammolar esa, ko‘p hollarda, ekran qarshisida ortiqcha vaqt o‘tkazish bilan birga keladigan harakatsiz turmush tarzi, uyqu buzilishi va noto‘g‘ri ovqatlanish orqali yanada kuchayadi.

Tadqiqot tuzilmasi

Tadqiqot quyidagi ikki guruh asosida olib borildi:

  • 700 nafar ona va ularning 10 yoshgacha bo‘lgan farzandlari

  • 411 nafar 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar

Ekran vaqti quyidagicha qayd etildi:

  • 6 yoshli bolalarning 94,1%

  • 10 yoshli bolalarning 90,3%

O‘rtacha:

  • 6 yoshli bolalar kuniga 2 soat atrofida

  • 10 yoshli bolalar 3,2 soat

  • o‘smirlar esa 6 soatdan ortiq vaqtlarini ekran qarshisida o‘tkazishgan

Hisobga olingan boshqa omillar

Tadqiqotchilar ijtimoiy va biologik xususiyatlarni ham inobatga olishdi:
oilaviy daromad, onaning ta’lim darajasi va yoshi, homiladorlik davridagi haftalar soni (gestatsion yosh), uyda qancha farzand borligi, homiladorlik vaqtida chekish faktori va boshqalar. Bolalarning salomatligi muntazam o‘lchovlar orqali baholandi: bel aylanishi, qon bosimi va xolesterin darajalari yosh, jins va bo‘y parametrlariga mos holda tahlil qilindi.

Asosiy natijalar

Ortiqcha ekran vaqti quyidagi holatlar bilan bog‘liq ekani aniqlangan:

  • harakatsiz hayot tarzi

  • kech uxlash odati

  • diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik sindromi (SYYGH) belgilari

  • shakar va yog‘ miqdori yuqori, sabzavot va mevalar kam bo‘lgan “g‘arbona” ovqatlanish

Qiziq jihati shundaki, 10 yoshli o‘g‘il bolalar qizlarga qaraganda ko‘proq vaqt ekran qarshisida o‘tkazgan, lekin 6 yoshli bolalarda bunday jinsiy tafovut kuzatilmagan.

Yakuniy xulosalar

Qanchalik ko‘p vaqt bola ekran qarshisida o‘tkazsa, yurak-qon tomir va moddalar almashinuvi tizimidagi holati shunchalik yomon bo‘ladi. Bu bog‘liqlik yosh o‘tgani sayin kuchayadi. Masalan, kuniga qo‘shimcha 3 soat ekran vaqti bolaning yurak kasalliklariga chalinish xavfini tengdoshlariga qaraganda 25–50% ga oshirishi mumkin. Yetarli va o‘z vaqtida uyqu bu xavfni biroz kamaytirishi mumkin, biroq to‘liq yo‘q qila olmaydi.

Tadqiqot bolalar uchun ekran vaqtini cheklash zarurligini ko‘rsatadi — bu bugungi zamonaviy hayotda oson emas, albatta. Ammo qiziqarli jihati shundaki, hatto Stiv Jobs ham o‘z farzandlari uchun texnologiyalardan foydalanishni cheklagan. Ehtimol, sog‘lom rivojlanishga erishishning kaliti aynan shunda bo‘lsa kerak.