Yurak-qon tomir kasalliklari xavfining aniq ko‘rsatkichi aniqlangan

The Lancet: Bel atrofining oshishi yurak kasalliklari xavfini oshiradi

Nov 5, 2025 - 11:23
Yurak-qon tomir kasalliklari xavfining aniq ko‘rsatkichi aniqlangan

Insonning bel atrofi va bo‘yi o‘rtasidagi nisbat (bel/bo‘y koeffitsienti) tana massasi indeksi (BMI)ga qaraganda yurak-qon tomir kasalliklari xavfini aniqroq ko‘rsatadi. Bu xulosaga Pittsburg universiteti olimlari kelishgan. Tadqiqot The Lancet Regional Health — Americas jurnalida chop etilgan.

Olimlar Braziliyaning kattalar sog‘lig‘i bo‘yicha uzoq muddatli tadqiqoti — ELSA-Brasil dasturining 2721 nafar ishtirokchisi ma’lumotlarini tahlil qildilar. Tadqiqot boshlangan paytda ishtirokchilarda yurak-qon tomir kasalliklari mavjud emas edi. Ularning sog‘ligi besh yildan ortiq vaqt davomida kuzatilib bordi.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yuqori BMI va bel atrofi dastlab yurak-qon tomir kasalliklari xavfi bilan bog‘liq edi. Ammo yosh, jins, chekish, jismoniy faollik, diabet, qon bosimi va xolesterin darajasi kabi omillar hisobga olingach, faqat bel-bo‘y nisbatining o‘zi mustaqil xavf ko‘rsatkichi sifatida saqlanib qoldi.

“Tahlillarni klassik xavf omillarini inobatga olib qayta ishlaganimizda, faqat shu ko‘rsatkich statistik ahamiyatini saqlab qoldi,” — dedi tadqiqotning yetakchi muallifi, tibbiyot fanlari doktori, semizlik bo‘yicha mutaxassis Tiago Bosko Mendes (Pittsburg universiteti).

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu natijalar BMI 30 dan past bo‘lgan odamlar uchun ayniqsa muhimdir. Bu guruhga semirishdan holi, ammo ichki a’zolarni o‘rab olgan visseral yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan odamlar kiradi. Bunday yog‘ yurak tomirlarining qotishiga va yurak kasalliklarining rivojlanishiga olib keladi.